Davra suhbati

📚Joriy yilning 17-avgust kuni Mirzacho‘l tuman axborot-kutubxona markazi xodimlari hamda tuman oqila ayollari ishtirokida "Kitobxon onalar kuni" munosabati bilan “Onalar va kitob: ma’naviyat sari birgalikda” nomli davra suhbati tashkil etildi. ‼️Tadbirning asosiy maqsadi — onalar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirish, mutolaaning inson ma’naviyati va dunyoqarashini boyitishdagi beqiyos o‘rnini targ‘ib etish, oilada kitobxonlik muhitini shakllantirish hamda yosh avlodni kitobga mehr ruhida tarbiyalashdan iborat bo‘ldi. Davra suhbatida kitob — insonning eng yaqin ma’naviy hamrohi, mutolaa esa qalb va tafakkurni yuksaltiruvchi muhim vosita ekanligi alohida ta’kidlandi. Ayniqsa, onalarning kitobxonligi farzandlar tarbiyasida katta ahamiyatga ega ekani, kitob o‘qiydigan ona oilada ilm, ma’rifat va ezgulikka asoslangan muhitni shakllantirishi haqida fikrlar bildirildi.Suhbat davomida oqila ayollar o‘zlarining kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlari, sevimli asarlari va mutolaa orqali olgan hayotiy saboqlari bilan o‘rtoqlashdilar. Ishtirokchilar tomonidan “Farzand tarbiyasida kitobning o‘rni qanday?”, “Oilada kitobxonlik muhitini qanday shakllantirish mumkin?” kabi mavzularda fikr-mulohazalar bildirilib, mazmunli suhbat olib borildi.Tadbir davomida kitob insonni ezgulikka, ma’rifatga, mustaqil fikrlashga chorlaydigan bebaho manba ekanligi, onalarning kitobxonligi esa kelajak avlodning ma’naviy kamolotiga xizmat qilishi qayd etildi.