Davra suhbati

🖥Joriy yilning 18-iyun kuni Mirzacho‘l tuman axborot-kutubxona markazi xodimlari tashabbusi bilan 2-son texnikumida Mirzacho‘l tuman chegara qo‘shinlariga qarashli 92-58 harbiy qism hodimlari ishtirokida “Kitobxon oila – namunali oila” nomli mazmunli davra suhbati tashkil etildi. Mazkur tadbirning asosiy maqsadi harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish, oilada mutolaaning ahamiyatini targ‘ib qilish, shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy tarbiyani mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Davra suhbati davomida kitobning inson tafakkuri va dunyoqarashini boyitishdagi o‘rni, oila muhitida mutolaa qilishning ijobiy jihatlari, farzand tarbiyasida kitobning beqiyos ahamiyati haqida atroflicha fikr almashildi. Tadbirda axborot-kutubxona markazi xodimlari tomonidan yangi adabiyotlar, badiiy va ma’naviy-ma’rifiy kitoblar tanishtirildi, harbiy xizmatchilarga mutolaa uchun tavsiyalar berildi. Shuningdek, kitobxon oilalar tajribasi, oilada o‘qish an’analarini shakllantirish usullari, ota-onaning farzandlarga o‘rnak bo‘lishi masalalari muhokama qilindi. ✔️Ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar davra suhbatini yanada jonli va mazmunli o‘tishiga xizmat qildi. Tadbir yakunida kitobxonlikni qo‘llab-quvvatlash, oilalarda mutolaa muhitini yaratish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.